“Kubaliklar yuragiga sanchilgan xanjar”. Guantanamo qamoqxonasi tarixi

25.02.2021 0 Автор Moderator

U yoki bu davlatning hududida harbiy bazalarga ega bo‘lish xalqaro huquqning eng bahsli masalalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda turli xorijiy mamlakatlarning mudofaa tizimi organlari boshqa davlat hududlaridagi mingdan ortiq obyektlarga egalik qilib kelmoqda. Guantanamo ham AQSh egalik qilib kelayotgan AQShning chet eldagi 700 dan ortiq harbiy bazalaridan biri hisoblanadi. AQSh va Kuba azaliy dushman ekanligi inobatga olinsa, Kubada AQSh harbiy bazasi qanday yuzaga kelganligi anchayin qiziq mavzu. “Daryo” nashri sana munosabati bilan Guantanamoning AQSh harbiy bazasiga aylanishi tarixi haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

Bu baza kubaliklar yuragiga sanchilgan xanjardir.

Fidel Kastro

Guantanamo jo‘g‘rofiy hududi

Guantanamo ko‘rfazi Kubaning janubi-sharqidagi eng katta ko‘rfazlardan biri sanaladi. Italyan sayyohi Xristofor Kolumb Guantanamo ko‘rfazini Shimoliy Amerikaga qilgan ikkinchi safari paytida 1494-yilda kashf qilgan. O‘sha paytlarda ispan konkistadorlari ko‘rfaz qanday strategik ahamiyatga ega bo‘lishini tasavvur ham qila olmasdi va ko‘rfazni o‘z holiga tashlab qo‘yishadi. Dastlab inglizlar, keyinchalik amerikaliklar ko‘rfazning qanday ahamiyatga ega ekanligini ko‘ra bilgan holda, doim ko‘rfazni o‘z nazorati ostida ushlab turishga intilib keldilar. Bu hududda, eng avvalo, harbiy strategiyadan kelib chiqqan holda siyosat yuritildi.

XIX asrning oxirlariga kelib, sanoatlashishdan ancha ortda qolib ketgan Ispaniya bu hududni boy bera boshladi. Rasmiy Madrid Kubaga muxtoriyat bergan bo‘lsada, kubaliklar ispanlarga qarshi ozodlik uchun kurashga otlandilar. 1897-yilda Kubaning katta qismi ispan zulmidan ozod bo‘ldi va kubaliklar o‘zlarini mustaqil davlat sifatida e’lon qilishdi.

1898-yilda AQSh Ispaniyaning kuni bitganini bilgan holda ispanlarga qarshi urush e’lon qildi. Rasmiy Madrid kapitulyatsiyaga imzo chekdi. Parijda AQSh va Ispaniya rasmiylari muzokara stoliga o‘tirdilar va Ispaniya Kubaga nisbatan egalik huquqidan voz kechdi va Kubaning taqdirini belgilash AQSh hukumati zimmasiga o‘tdi. AQSh Kuba bilan birgalikda Puerto Riko, Filippin va Guamni ham ispanlar qo‘lidan tortib oldi.

Foto: Google Photos

G‘alabani nishonlayotgan amerikaliklar

1901-yilda AQSh ta’sis majlisini tashkil qiladi va bu majlisga Kuba konstitutsiyasini ishlab chiqishni topshiradi. Ta’sis majlisi tarafidan konstitutsiyaga “Plat tuzatishi” nomi bilan mashhur bo‘lgan band kiritiladi. Bu bandga ko‘ra, AQSh Kuba mustaqilligini himoya qilish maqsadida harbiy qo‘shin kiritish huquqini qo‘lga kiritadi. “Plat tuzatishi”ning ikkinchi bandi esa ochiqdan ochiq Kuba mustaqilligini cheklash va suiste’mol qilishga qaratilgan band bo‘ladi. “Plat tuzatishi”ning uchinchi bandiga ko‘ra, AQSh Kuba mustaqilligini himoya qilish uchun harbiy kontingent kiritilishini nazarda tutgan bo‘lsa, yettinchi bandi Kuba hukumatini harbiy baza uchun hudud ajratishga majbur qilardi. AQSh hukumati mazkur tartibga muvofiq Kuba hukumatidan Nipe, Xonda, Syenfuegos va Guantanamo ko‘rfazlarini o‘z harbiy bazasini tashkil qilish uchun talab qiladi, ammo kubaliklarning noroziligi tufayli Xonda va Guantanamo bilan cheklanishga majbur bo‘ladi.

1903-yilga kelib AQSh Guantanamo shahridan 15 mil (24 km) uzoqlikda joylashgan hududda o‘z harbiy bazasini tashkil qilishga erishadi. Natijada, AQSh Karib havzasida o‘z hukmronligini ta’minlaydi va shu yilning o‘zida Panama kanalini barpo qilish huquqiga ega bo‘ladi. Buning evaziga AQSh hukumati Kubaga 2000 dollar miqdorida ijara to‘lovini amalga oshirishga va’da beradi. Bu to‘lov keyinchalik 4000 dollarga ko‘tariladi. 1903-yildan beri Guantanamo AQShning dushman hududida joylashgan harbiy bazasi bo‘lib qolmoqda.

Guanatanamo ijara shartnomasi muddatsiz bo‘lib, shartnomaga ko‘ra, ikki tarafning roziligi bilangina ijara shartnomasi bekor qilinishi kelishib olingan, biroq Kuba hukumati AQShdan Guantanamoni tashlab chiqishni bir necha bor so‘ragan bo‘lsada, hozirga qadar AQSh harbiy kuchlari Guantanamoni tark etmay kelmoqda.

Foto: Google Photos

Guantanamodagi AQSh dengiz floti

Kuba inqilobining Guantanamoga ta’siri

1959-yilda Fidel Kastro hukumati diktator Fulxensio Batista rejimini to‘ntarib tashlaydi. Gavanada AQShga tegishli barcha mulklar milliylashtiriladi, agrar islohot o‘ztkaziladi. Fidel Kastro Guantanamo uchun AQSh hukumati to‘layotgan nihoyatda kam mablag‘ni olishdan bosh tortadi va AQShdan Guantanamoni tark etishni talab qiladi. Ammo AQSh Guantanamo borasida rasmiy Gavana bilan hech qanday muzokara o‘tkazmasligini ma’lum qiladi. Natijada, Kuba inqilobi amalga oshgan bo‘lsada, bu Guantanamo harbiy bazasi taqdirini o‘zgartira olmaydi.

Karib inqirozi ijobiy hal etilgach, AQSh va Sovet Ittifoqi Guantanamo ikki mamlakatning munosabatlariga kelajakda hech qanday xavf tug‘dirmasligiga kelishib olishadi. AQSh tarafi Guantanamodagi kubaliklarni Fidel Kastro rejimiga qarshi qayramaslikni, Moskva esa Kuba hukumatini Guantanamo bazasiga qarshi biror bir qo‘poruvchilik harakatlari olib bormaslikka ko‘ndirish majburiyatini oladi. 1964-yilda Kuba hukumati Guantanamoga ichimlik suvi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yadi, natijada AQSh hukumati Guantanamoda oziq-ovqat, ichimlik suvi va elektr energiya manbasiga ega bo‘lish uchun harakat qiladi va buning uddasidan chiqadi. Guantanamo to‘laligicha o‘z ehtiyojlarini qondiradigan bazaga aylanadi.

Foto: Google Photos

1970-yillarga kelib Xitoy, Albaniya, Shimoliy Koreya mamlakatlarining BMTdagi vakillari Sovet Ittifoqini Guantanamodagi vaziyatga ko‘z yumganlikda ayblab chiqadi. Bunga javoban Sovet Ittifoqining BMTdagi vakillari esa har safar Guantanamo masalasi ko‘tarilganda majlisni tark etishga majbur bo‘ladi.

O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab AQSh hukumati Guantanamodagi harbiy bazasida maxsus qamoqxona tashkil qiladi. Shuningdek, bazada Gaitidagi davlat to‘ntarishi natijasida o‘z vatanidan qochib chiqqan gaitiliklarga ham boshpana beriladi. AQSh dengiz qo‘riqlov xizmati Guantanamo yaqiniga kelib qolgan kubaliklarga ham Guantanamoda yashashlari uchun lager ajratadi. Kubaliklar lagerida isyonlar, qotilliklar ortishi oqibatida AQSh kubaliklarni 1995-yilda Ozodlik oroliga ketishlariga izn beradi. Shu vaqtga qadar Guantanamoda 45 mingga yaqin gaitiliklar va kubaliklarga boshpana berildi.

Guantanamodagi ba’za hozirda AQShning xorijdagi eng katta bazasi hisoblanadi. Bazada ikkita aerodrom, 1500ga yaqin turli aholi va mashg‘ulot obyektlari, oziq-ovqat omborxonasi, turli ko‘ngilochar maskanlar, tennis kortlari, beysbol maydonchasi, otchopar, suzish havzalari mavjud. Baza 10 mingga yaqin harbiy tarkibni, ulkan harbiy kemalarni remont qilish uchun o‘z hududiga sig‘dirishi mumkin.

2002-yilda Guantanamodagi baza butun dunyoga mashhur bo‘lib ketadi. 2002-yilning yanvar oyida AQSh va uning ittifoqchilari Guantanamoga Afg‘onistondan tolibon va ekstremistik guruh a’zosi sifatida dastlabki 20 mahbusni olib kelishadi. Guantanamodagi harbiy baza qamoqxonaga aylantirilgani ortidan bu yerda 750 nafardan ziyod terrorizm aybi bilan ushlangan mahbus ushlab turiladi. Mahbuslarning uchdan bir qismi ma’lum bir vaqtdan so‘ng o‘z hukumatlarining yurisdiksiyasiga berib yuboriladi. Hozirgi paytda Guantanamoda 160 dan ortiq mahbus saqlanayotgani aytiladi.

Foto: Google Photos

2009-yilda prezident Barak Obama Guantanamodagi qamoqxonani yopish haqida qaror qabul qilgan bo‘lsada, ammo hamon bu qaror ijrosi kechiktirib kelinmoqda. Xalqaro Amnistiya tashkiloti va bir qator inson huquqlarini muhofaza qiluvchi tashkilotlar Guantanamodagi mahbuslarga nisbatan noinsoniy munosabatlar qilinayotgani munosabati bilan AQSh hukumatini tanqid qilib keladi. Rasmiy Vashington esa bu ayblovlar ortidan bir qator harbiylarni o‘z lavozimidan chetlashtirdi. Guantanamoni yopish masalasi bugun ham AQSh siyosatchilarining kun tartibidagi mavzusi bo‘lib kelmoqda.