Koinot sirlari. SN1987A yulduzining o‘ta yangi chaqnashi

Koinot sirlari. SN1987A yulduzining o‘ta yangi chaqnashi

25.02.2021 0 Автор Moderator

1987-yilning 23-fevral sanasida Katta Magellan bulutida o‘ta yangi yulduz chaqnashi kuzatildi. Qizig‘i shundaki, ushbu chaqnash teleskop orqali ko‘rinishidan bir necha soat ilgari Yer yaqinida neytrino zarralarining kuchli oqimi qayd etilgan. Bu ayrim kishilar uchun neytrino yorug‘lik tezligidan tez uchishi haqidagi fikrlarni uyg‘otgan edi. Bugun XX asr astronomiyasi tarixidagi eng yorqin sahifalardan biri bo‘lmish ushbu hodisaga 34 yil to‘ldi. “Daryo” mazkur hodisa haqidagi ba’zi faktlarni e’tiboringizga havola etadi.

Aslida ushbu o‘ta yangi yulduz chaqnashi 1987-yilda sodir bo‘lmagan. Balki, u real chaqnagan paytda Yerda hali paleolit davri hukm surgan. Xo‘sh, unda qanday qilib o‘ta yangi yulduz chaqnashidan hosil bo‘lgan neytrino va yorug‘lik nurlari bizga 1987-yilda yetib keladi?

Gap shundaki, 1987-yil 23-fevralda osmonda ko‘ringan o‘ta yangi chaqnashi bizdan 168 ming yorug‘lik yili masofasida joylashgan Katta Magellan bulutida joylashgan moviy gigant yulduzning kollapsga uchrashidan yuzaga kelgan edi. Tasavvur qilyapsizmi, bu oraliq masofa shu qadar kattaki, uni tabiatdagi eng katta tezlik bo‘lmish — yorug‘lik tezligining o‘zi ham 168 ming yilda bosib o‘tadi xolos. Shu sababli ham taxminan shuncha yil muqaddam portlagan yulduzning chaqnashidan hosil bo‘lgan to‘lqinlar Yerga XX asr oxirida yetib kelgan va olimlar teleskoplar orqali uni qayd etishgan. Ushbu chaqnash 1987-yilda qayd etilgan eng birinchi o‘ta yangi yulduz chaqnashi bo‘lgani uchun, unga SN1987A (ya’ni Super Nova 1987) deb nom berilgan.

Yuqorida aytilganidek, SN1987A chaqnashidan bir necha soat ilgari, Yerdagi neytrino detektorlari, xususan, Monblan tog‘ida joylashgan LCD nomli Italiya—SSSR qo‘shma ilmiy loyihasi hamda Yaponiyadagi Kamiokande neytrino rasadxonasi taxminan 13 soniya davom etgan neytrino chaqnashlari va oqimini qayd etadi. Ular olgan ma’lumotlar asosida barcha teleskoplar Katta Magellan bulutiga yo‘naltiriladi va keyinchalik, birinchi neytrino chaqnashi qayd etilgan yo‘nalishdan yigirma daraja farq bilan osmonning o‘sha hududida yorqin nuqta paydo bo‘lgan. Ya’ni chaqnashning o‘zi ko‘rina boshlagan. Olimlar tez orada ushbu jumboqning javobini topishgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, neytrino zarrachasi o‘z tabiatiga ko‘ra materiya bilan hech qanday o‘zaro ta’sirlashmasligi sababli go‘yoki yo‘lida uchragan har qanday narsadan oralab, “ko‘rmagandek” o‘tib ketaverar ekan. Yorug‘lik to‘lqinlari bo‘lsa, zarba yo‘nalishida yo‘l-yo‘lakay butun yulduz tanasi orqali o‘tgani bois bir necha soatga kech qolgan.

SN1987A chaqnashi shunisi bilan ahamiyatliki, u teleskop ixtiro qilinganidan beri kuzatilgan eng yaqin va yorqin chaqnash hisoblanadi. Uning yorqin nurlarini bir necha oy mobaynida Yerdan qurollanmagan ko‘z bilan ham kuzatish mumkin bo‘lgan.

Albatta, astronomlar bunday qulay imkoniyatdan foydalanib qolishga urinishgan va chaqnagan o‘ta yangi yulduzni sinchiklab kuzatishga kirishishgan. Unda, asosan, qisqa yarim yemirilish davriga ega bo‘lgan radioaktiv izotoplar, ayniqsa, kobalt-56 va nikel-54 metallarining parchalanish energiyasini hisoblangan va yaxshiroq o‘rganilgan. Aynan shu moddalar tufayli SN1987A chaqnashidan hosil bo‘lgan halqalarning tashqi qismi bir qancha muddat mobaynida g‘ayrioddiy yarqirash bilan shu’la sochgan edi.

Izotoplar parchalanib tugab borgani sari halqalar yog‘dusi ham xiralashib borgan. Lekin keyinroq u yana birdan keskin yorqin porlay boshlagan. Buning sababini esa astronomlar keyinroq aniqlashgan. Ma’lum bo‘lishicha, zarba to‘lqini chaqnagan o‘ta yangidan hosil bo‘lgan halqalarga 14 yil deganda yetib borgan ekan va natijada, 7 km/soniya tezlik bilan kelib urilgan ushbu to‘lqin zarbasining kinetik energiyasi tufayli modda qattiq qizigan va rentgen nurlari diapazonida nur tarata boshlagan. SN1987A halqalari 2013-yilgacha shunday faol yog‘du taratib turdi va uning halqalari shundan keyingina xiralasha boshladi.  Bu paytga kelib, radioizotoplarning asosiy miqdori ham parchalanib tugagan hamda zarba to‘lqini ham halqadan o‘tib bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb qaraladi. Astronomlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy o‘n yillikda SN1987A o‘ta yangi chaqnashidan qolgan halqalar butunlay ko‘rinmay qolsa kerak.

SN1987A astronomlarga o‘ta yangi yulduz chaqnashi bilan bog‘li yangi tafsilotlar va ma’lumotlar taqdim qilish bilan birga, ularning oldiga g‘aroyib bir jumboq ham tashladi. Gap shundaki, Koinotda o‘ta yangi chaqnashdan keyin, albatta, uning o‘rnida biror qoldiq qoladi. Ya’ni, o‘ta yangi sifatida portlagan qizil yoki moviy gigant yulduz o‘rnida neytron yulduz, pulsar yoki magnetar hosil bo‘lishi kerak. SN1987A chaqnashida kuzatilgan neytrino oqimi ham shunga ishora qilayotgandek go‘yo. Lekin qizig‘i shundaki, mana uchinchi o‘n yillikdagi kuzatishlardan ham SN1987A o‘ta yangi chaqnashi o‘rnida qolgan biror qoldiq – pulsarni birov topa olmayapti. Taxminlarga ko‘ra, garchi pulsar hosil bo‘lgan bo‘lsa-da, uning magnit maydoni o‘ta sust bo‘lgani sababli Yerdagi asboblar uni qayd eta olmayapti deb qaralmoqda. Yoki SN1987A chaqnashidan keyin qora tuynuk hosil bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin, degan fikr ham yo‘q emas. Lekin kuzatishlar va hisob-kitoblarda bu joyda qora tuynuk mavjudligiga ishora qiladigan biror belgini ham ko‘rsatgani yo‘q. Balki, SN1987A hali fanga noma’lum bo‘lgan biror boshqacharoq obyektga aylangan bo‘lishi ham mumkin, lekin uni hali ilmiy jihatdan o‘rganish kerak degan fikrlar ham muhokama qilingan. Balki, kelgusida astronomlar bu jumboqqa javob topilar.