“Avvalgi yil bilan juda katta farq bo‘lmaydi” — DTM 2021-yilgi fanlar majmuasi haqida

“Avvalgi yil bilan juda katta farq bo‘lmaydi” — DTM 2021-yilgi fanlar majmuasi haqida

25.02.2021 0 Автор Moderator

23-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov 2021-yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda qaysi fanlardan imtihon olinishi tez orada e’lon qilinishini ma’lum qildi.

“Hozirda Davlat test markazi va tegishli vazirliklar bilan birgalikda fanlar majmuasi ishlab chiqilgan. Markazning asosiy vazifasi umumlashtirish hisoblanadi. Ya’ni vazirliklar beradigan takliflarga binoan ish tutadi. Bu mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda va tez kunda e’lon qilinadi. Avvalgi yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta farq bo‘lmaydi”, — deydi Rajabov.

“Davletovuz” Twitter’dagi sahifasi orqali “Birato‘la iyulda e’lon qila qolinglar”, deya munosabat bildirgan. Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, Prezidentning 2019-yil 14-maydagi qarori bilan hozircha faqat quyidagi qoidalar ma’lum:

Majburiy fanlar bloki (barcha uchun tushadi):

  • ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan;
  • matematika — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan;
  • o‘zbekiston tarixi — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 94,5 ball. Ona tili va o‘zbekiston tarixi fanidan 1 daqiqagacha, matematikadan — 1,5 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Mutaxassislik blokidagi fanlar (ta’lim yo‘nalishiga qarab o‘zgaradi):

  • birinchi fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan;
  • ikkinchi fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan.
  • jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 186 ball.

Asosiy blokdagi 2 ta fan uchun jami 2 soat vaqt beriladi.

“Ballarni hisoblash tizimida o‘zgarish bo‘lmaydi, avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi. Ya’ni har bir blokdan to‘plangan ballar qo‘shilib, umumiy ballni tashkil etadi va abituriyentlar mana shu 5 ta blokdan to‘plagan balli bo‘yicha o‘zaro kurashadi (joriy yil 2 ta blokning umumiy balli olindi). Eng maksimal ball 280,5 ball bo‘ladi”, — deb yozadi bloger.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilgi imtihonlar uchun fanlar majmuasi 2019-yilning 21-dekabr kuni, ya’ni test sinovlaridan 9 oy oldin rasman tasdiqlangan edi. Hozir esa imtihonlarga 6 oydan kamroq vaqt qoldi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Avvalroq O‘zbekistonda kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talabaga Prezident granti berilishi, abituriyentlar cheklanmagan miqdorda ta’lim yo‘nalishlarini tanlashi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.